Shaxsiy Kompyuter (PC) ni sotib olgan yaxshimi yoki o'zingiz yiqqaningiz?

13.07.2020 / 00:00Qobiljon 407
Turli xil kompyuter texnikasiga bog`liq bo`lgan saytlarni ko`zdan kechirar ekanman, shunday narsaga e'tibor qaratdim - shaxsiy kompyuterlar (stol kompyuterlari, personal kompyuterlar yoki soddagina PC lar) borgan sari sotuvdan chiqmoqda! Qachonlardir barcha internet do`konlarda, kredit beruvchi muassasalarda mavjud bo`lgan va sizni didingiz va mablag`ingizga qarab taklif etiladigan stol kompyuterlarini (keyingi o`rinlarda "PC" (personal kompyuter) deb ketaman) endi topish qiyin, topganingizda ham avvalgidek tanlovlar ko`p emas. Bunga asosiy sabablar - noutbuk va monobloklarning keng tarqalishi desam, xato bo`lmasa kerak.
Shunga qaramay, PC lar hali ham kerak, chunki monoblok va noutbuklardan farqli ravishda ularni doimiy va mustaqil yangilash yoki modernizatsiya qilish mumkin. Shu sabab ularga bo`lgan talab hozirchi o`lgani yo`q.
Masala shundaki, PC larni qayerdandur tayyor yig`ilgan holatda sotib olgan yaxshimi yoki mustaqil tarzda yiqqanmi yaxshimi?! Shu narsani hisobga oling-ki, kompyuterda asosiy qism uning protsessoridir, monitor esa ikkinchi darajali narsa. Protsessor qanchalik kuchli bo`lsa, sizda muammolaringiz shuncha kam bo`ladi.

Tayyor holatda sotib olishning afzalliklari:
1-afzallik. Agar siz kompyuterning ishki qurilmalari haqida deyarli xabaringiz bo'lmasa va ularni yaxshi tushunadigan tanishlaringiz bo`lmasa - shunchaki sotib oling! Internetga qarab, mustaqil yig`ishingiz mumkin, lekin e'tiborsizlik qilsangiz yoki biror bir qismini noto`g`ri ulasangiz qimmatli ehtiyot qismlarni kuydirib qo`yib ikki karra (x2) qimmatga tushishingiz mumkin.
2-afzallik. Agar kompyuterga biror nima qilsa siz olgan joyingizga murajaat qilgan holatda yuzaga kelgan vaziyatni tezkorlik bilan hal qilishingiz mumkin bo`ladi. Qo`shimchasiga sizga 3 oydan 2 yilgacha kafolat muddati beriladi.
3-afzallik. Vaqtdan yutasiz. Siz "qayerda arzon ekan" deb vaqtingizni sarflamaysiz, ba'zi bir do`konlar uyingizgacha eltib beradi. Issiq/sovuq kunda esa bu ancha qulaylik yaratadi.
Endi esa kamchiliklarini ko'rib chiqamiz:
1-kamchilik. Narx jihatdan yaxshigina yutqazasiz! Aytalik siz 3 mln so`mga kompyuter olmoqchisiz. Bu summaga siz 2-yildan keyin eng "past" deb ataladigan kompyuterni olasiz. Sizga tayyor kompyuterlarni sotuvchilar odatda har bir detal uchun narx qo`yadi. Aytaylik, 500 GB HDDning bozor narxi 200 ming so`m, yig`uvchining qo`lida u 230-250 ming so`mga aylanadi. Har bir detal uchun narx qo`yilganda kamida 300 ming so`mlik ustima narx payda bo`ladi! Tabiiyki, o`zingiz yiqsangiz bu pulni boshqa narsa uchun sarf etishingiz ham mumkin bo`ladi.
2-kamchilik. Tanlov cheklanganligi. Aytaylik siz tayyor kompyuter olmoqchisiz, lekin uning keysi (protsessorning temir qobig'i) sizga yoqmadi, siz uni boshqa bir chiroylirog`iga almashtirib berishlarini so`raysiz. Tabiiyki, bunday holatda narx oshadi - yangi keysning narxi va xizmat haqqi yana qo`shiladi. Lekin shunisi ham borki, ba'zi bir yig'ib beruvchilar shunchaki sizga yangi keys berishmaydi, chunki ularda siz xohlagan keyslar bo`lmasligi mumkin. Ular odatda ofislar yoki tashkilotlar uchun ulgurji (optom) tarzda minimal narxli qismlarni obkeltiradilar. Siz xohlagan keys esa ularda bo`lmaydi yoki faqat buyurtma asosida olib kelinadi, maxsus narxga! Bunday misolni boshqa detallar uchun ham keltirish mumkin, aytaylik HDD - sizga Toshiba firmasiniki kerak, ularda esa faqat Segate bo`ladi, sizga 2666 MHz li RAM kerak, ularda esa faqat 2400 MHzlik bor va h.k. O`zingizga yoqqanday qilib yig`moqchi bo`lsangiz ham vaqtda, ham xarajatdan yutqazasiz.

Endi esa yig'ilgan kompyuterlarni tahlil qilamiz:
1-afzalligi. Narx jihatdan sezilarli yutasiz. Misol uchun siz RAM olmoqchisiz, bir do`konda 300 ming so`m turibdi, boshqasida esa huddi o`shani 250 ming so`mga olishingiz mumkin, ja bo`lmasa internet do`konidan buyurtma qilishingiz ham mumkin. Bu sizga puldan tejashda ancha imkoniyat beradi. Qo`shimchasiga siz o`zingiz istalgan monitorni olishingiz mumkin. Aytaylik sizga 22dyumlik monitorni 1,5 mlnga PC ga qo`shib sotishmoqda, bozordan esa siz 1 mlnga 24dyumlik olasiz.
2-afzallik. Istalgan dizayn va istalgan harakteristika hamda ishonchliroq kafolat. Ba'zi bir yig'ib sotuvchilar sizni fikringizni inobatga olmay, o`zlarining tanlovlarini o`tkazishlari mumkin va siz core i5 protsessori kerak desangiz "senga core i3 ham bo`laveradi, narxi bir xil" - deb sizni ishontirishlari yoki o'zlaridagi eski va ishlatilgan detallarni qo`shib yuborishlari ham mumkin. Agar o`zingiz qutisida va kafolati bilan olsangiz ko`nglingiz ancha hotirjamroq bo`ladi. Siz xohlasangiz core i3 CPU li, 4GB RAMli qilib yoki oddiy CPU li va 8 GB RAMli qilib yig'ishingiz mumkin, hech kim sizga hech nima demaydi!
3-afzallik. Shoshmasdan yig'ish. Aytaylik sizda 3 mln bor, lekin yana 1 mln yetmayapti. Siz yo qarz olasiz yoki o`sha 3 mlnli kompyuterni olasiz. O`zingiz yiqsangiz esa be'malol oylar davomida 1-2 ta qismini alohida-alohida olib yig'ib borishingiz mumkin.
Endi kamchiliklari:
1-kamchilik. Arzon narx qidirib bozor-ma bozor yurish. Siz qayerda, kimda arzon ekan deb juda ko`p vaqt sarflashingizga to`g`ri keladi. Ba'zi bir arzon do`konlar shaharning bir chekkasida joylashgan bo`ladi odatda, tabiiyki, yo`lkiraga ham alohida harajat qilasiz.
2-kamchilik. Kafolat muddati turlicha. PC dagi detallarga turlicha kafolat muddati beradil: HDD - 1-3 oy, RAM - 6 oy, Motherboard - 6 oy - 3 yil va h.k. Agar biror nima ishlamay qolsa siz sotib olgan do`koningizga borishingiz kerak, bu esa yana yo`lkira va yana vaqt degani!
3-kamchilik. O'ylaganchalik oson emas. Agar siz doimiy ravishda PC yig'ib yurmasangiz unda ba'zi bir detallarni bir biriga ulashda qiynalishingiz mumkin va bilmasda sindirib qo`yishingiz ham ehtimoldan holi emas!

Muallif haqida

Qobiljon

Magistr. Internetdan maʼlumot qidirish va yuklash boʻyicha mutaxassis.



Maqolaga fikr bildirish

Maqolaga xabar qoldirish uchun Ro'yxatdan o'ting yoki Saytimizga kiring


Maqolaga bildirilgan fikrlar

Fikr bildirilmagan, birinchilardan bo`ling.
Maqolaga fikringizni, savol yoki tushunmay qolgan joyingizni yozib qoldiring.

TepaPast



Siz JavaScriptni yoqmadingiz, yoki sahifa to`liq yuklanmadi