Hozirda Meta deb nomlanuvchi Facebook kompaniyasi bergan ma'lumotlarga ko'ra AppStore va PlayMarketdagi zararli ilovalar hisobiga 1 millionga yaqin foydalanuvchilarning Facebook platformasidagi ma'lumotlari o'g'irlangan bo'lishi mumkin.
Kompaniya taqdim etgan hisobotga ko'ra 400 dan ziyod zararli ilovalar foydalanuvchilarning akkauntga kirishdagi login parollarini o'g'irlagan. Zararli ilovalar asosan fotosuratlarni qayta ishlovchi (42,6%), Biznesga oid ilovalar (15,4%), Mobil qurilma ilovalari (14,1%), O'yinlar (11,7%), VPN (11,7%) va Lifestyle (4,4%) ko'rinishida bo'lgan.
Foydalanuvchilar zararli ilovalarni ishga tushurganida ro'yxatdan o'tish uchun "Facebook orqali kirish"ni tanlagan va shu orqali Facebook platfarmasidagi ma'lumotlarini o'g'irlatib qo'ygan.
Bu hisobotni ommaga oshkor etishdan oldin Meta kompaniyasi Google va Apple kompaniyalarini zararli ilovalar haqida ogohlantirgan va ilovalar AppStore hamda PlayMarketdan o'chirilgan. Shunga qaramay, yaqin vaqtlar ichida ma'lumotlari o'g'irlatilgan 1 million foydalanuvchi bu haqida xabardor etiladi.